“Navro‘z - baxt-saodat, shodu xurramlik, totuvlik timsoli

23/03/2017 - 15:56 5158

Bugun Iqtisodiyot vazirligida “Navro‘z - bahor va farovonlik bayrami” mavzusida yangilanish va milliy qadriyatlarimiz ko‘zgusi bo‘lmish - Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik jamosining barcha xodimlari ishtirok etishdi.

Seminarni vazir o‘rinbosari Sh.N.Fayzullayev ocharkan, ishtirokchilarni ayyom bilan tabriklab, bu tadbirdan ko‘zlangan maqsad - mazkur muqaddas bayramning tarixi, u o‘zida jamlagan madaniy meroslarni tinglovchilarga yetkazish ekanligini alohida qayd etdi.

Seminarda yuridik fanlar doktori, professor, jurnalist, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq fakultetining dekani Gulchehra Matkarimova ma'ruza qildi. Jumladan, notiq o‘z ma'ruzasida “Navro‘z”ning paydo bo‘lishi haqidagi turlicha talqindagi afsonalar, bu bayramning qachon va qanday vujudga kelganligi haqida so‘zlab berdi. 

“Ishonch bilan aytish mumkinki, bu bayram donishmand ota-bobolarimiz tomonidan bejiz kashf etilmagan - dedi ma'ruzachi,  - Chunki “Navro‘z” koinot va tabiat qonuniyatlari, ya'ni quyoshning hamal burjiga kirishi, kecha va kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanish yuz berishi, bahorning kelishi bilan bog‘liq tarzda ilmiy asoslanib belgilangan. Bu esa har qanday jamiyatda “yil boshi” (qachon kelishidan qat'i nazar) “Navro‘z”ning tabiat bayrami sifatida nishonlash uchun asos bo‘lgan. Aslida “Navro‘z” ibtidoiy jamoa davrida odamlar dehqonchilikka yangi ish mavsumi boshlashdan oldin o‘tkaziladigan bahor bayrami sifatida shakllangan.”

Darhaqiqat, zamonlar o‘tishi bilan bu bayram takomillashib, unga mos alohida kun aniqlangan. U “yil boshi” sifatida belgilanib, unga “Navro‘z” (ya'ni, “Yangi kun”) degan nom berilgan, deb taxmin qilish mumkin. Mana shu tariqa ko‘p yillar davomida yurtimizda Navro‘z bayrami har yili 21 martda nishonlanib kelinadi.

Ushbu ma'naviy-ma'rifiy tadbir mazmunga boy bo‘ldi va ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.

Vazirlik Axborot xizmati