PRESS-RELIZ

09/03/2017 - 12:15 9287

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi jamoatchilik maslahat kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 25-fevralida Jamoatchilik maslahat kengashining yangi sanoat zonalarini tashkil etish va amaldagilarning faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 - 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokama qilindi, jumladan:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahrining Yashnobod va Olmazor tumanlarida innovatsion texnoparklarni tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini takshil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi.

Shuningdek, tez rivojlanayotgan korxonalarning iqtisodiyotdagi roli va O‘zbekistonda ularni aniqlash metodikasini ishlab chiqishning zarurati to‘g‘risidagi masalalar ham muhokama qilindi.

Mazkur yig‘ilishda Jamoatchilik kengashi a'zolari, O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi, «O‘zbekoziqovqatxolding» XK, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, Ijtimoiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, «O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari» ilmiy tadqiqot markazi, Toshkent shahar hokimligi, Yakkasaroy, Yunusobod va Sergeli tumanlari kichik sanoat zonalarining rahbarlari va mas'ul xodimlari, shuningdek biznes vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish davomida ishtirokchilarga mazkur hujjatlarning asosiy me'yorlari tushuntirildi va innovatsion texnoparklar, yangi sanoat zonalarini, shuningdek Toshkent shahar sanoat zonalarining Kafolat jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida tadbir ishtirokchilari o‘z fikrlarini bildirib, mazkur hujjatlar doirasida ko‘rib chiqish uchun yangi takliflarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Xususan, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sh. Shukurov tomonidan hujjat loyihalarini qayta ishlashda boshqa xorijiy mamlakatlar, jumladan Malayziyaning innovatsion texnoparklar tashkil etish bo‘yicha tajribasini o‘rganish taklifi bildirildi.

Shuningdek, Yakkasaroy tumani kichik sanoat zonasi direktori R. Nuraliyev tomonidan amaldagi kichik sanoat zonalari faoliyatining samaradorligini oshirish 
va takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar markazi, «O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari» ilmiy tadqiqot markazi vakillari ham mazkur yig‘ilishda so‘zga chiqishdi.

Muhokama natijasiga ko‘ra Jamoatchilik kengashining hujjat loyihalarini qayta ishlash bo‘yicha tegishli qarori va tavsiyalari qabul qilindi.