O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida 2016-yilning yanvar-dekabr oylarida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi to‘g‘risida ma'lumot

30/01/2017 - 10:15 19428

2016-yilning hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 25-dekabrdagi PQ-2458-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2016 yil Investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rildi.

2016-yildagi faol investitsion siyosatni amalga oshirish natijasida umumiy qiymati 5,2 mlrd. doll. bo‘lgan 164 ta loyihalarni amalga oshirish yakunlandi hamda 5329 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, jumladan neft-gaz sanoatida - 9 ta loyiha, rangli metallurgiya tarmog‘ida - 20, elektroenergetika sohasida - 5, mashinasozlik tarmog‘ida - 3, elektrotexnika sohasida - 16, yengil sanoatda - 17, boshqa tarmoqlarda - 94 ta loyihalar.

Xususan, “450 MVt quvvatli ikki bug‘ stansiyasi qurish orqali Tolimarjon IESni kengaytirish”, “Angren IESda tepofikatsion tanlov bilan yuqori kulli ko‘mirni yoqish uchun 130-150 MVt quvvatli energoblok qurish”, “Siquv kompressor stansiyasini qurish orqali Sharqiy Berdaq va Shimoliy Berdaq konlari qo‘shimcha infratuzilmasini rivojlantirish”, “Jizzax viloyatidagi sement zavodini kengaytirish”, “Mis eritish zavodida yangi erituv pechini qurish”, “Qalmoqqir konining balansdan tashqari rudalarini ishlab chiqarishga jalb qilish”, AJ “DjiEm O‘zbekiston”da “Yengil avtomobillarning ”T-250” modelini  ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lini qurish”, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK havo kemalari parkini yangilash (2 ta yangi Boeing-787 Dreamliner samalyotlarini olib kelish)” , “Indorama Qo‘qon tekstil” XK MCHJda ip yigiruv ishlab chiqarishni tashkil etish (IV bosqichi)” va “Andijon viloyatidagi “Fanteks” MCHJda ip yigiruv ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Meylisoy” konini qurilishi” va “Sirdaryo viloyatidagi “Guliston Med Texnika” MCHJ QKda bir marta foydalanish uchun sterillangan shpritslar ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Jizzax plastmassa” AJda polietilen plenkalarini va trubalarni ishlab chiqarishni tashkil etish”, “Jizzax” EIZsida shisha tolasidan issiqlik izolyatsiyasini ta'minlaydigan mahsulotlarni va keng assortimentdagi elektrotexnik mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish” va boshqalar. 

Muhim strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni monitoring qilish, samaradorligini oshirish hamda ularni muvaffaqiyatli va sifatli amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 4-martdagi PF-4707-sonli “Ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 25-dekabrdagi PQ-2458-sonli “2016-yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 6-martdagi PQ-2313-sonli “Muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarorlariga kiritilgan investitsiya loyihalarning avtomatlashtirilgan nazorat va monitoring tizimi Iqtisodiyot vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqildi va joriy qilindi.

Shu bilan birga, qabul qilingan dasturlarning ijrosini ta'minlash bo‘yicha vazirlik, idoralar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan monitoring olib borish tartibi belgilangan tartibda tasdiqlandi.

Hozirgi paytda ushbu yo‘lga qo‘yilgan tizim yordamida investitsion loyihalarning amalga oshirilishida har bir tarmoq jadvalini bajarilishi bo‘yicha tizimli monitoring o‘rnatilgan va buning natijasida muammoli masalalar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar kiritib borilmoqda.