Seminar dolzarb masalaga bag‘ishlandi

18/11/2016 - 16:07 4875

Bugun Iqtisodiyot vazirligida “Giyohvandlikka qarshi kurashish - barchamizning  burchimiz” deb nomlangan mavzuga bag‘ishlangan navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlik va tizimdagi tashkilotlar xodimlari ishtirok etdilar.

Seminarni vazir o‘rinbosari D.R.Turdiyev olib bordi. U seminar ishtirokchilarini kun tartibi bilan tanishtirar ekan, ushbu tadbirning maqsadi va giyohvandlikka qarshi kurashish borasida Hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazining yetakchi eksperti S.Jumanova va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining xodimi O.Yunusov o‘z ma'ruzalari bilan qatnashdilar.

Jumladan, ma'ruzalar mobaynida qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat, u yerdan narkotik moddalarni olib chiqishning asosiy yo‘nalishlari, O‘zbekistonda viloyatlar miqyosida musodara qilingan narkotik vositalari miqdori, Markaziy Osiyoda 2005-2015 yillar davomida musodara qilingan geroin va opiy miqdori, 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasida aniqlangan narkojinoyatlar, narkotik kontrabandasi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida xuquq tartibot idoralarning moddiy texnik va kadrlar salohiyatini yuksaltirish choralari, yangi turdagi psixoaktiv vositalar yuzaga kelishi va shu kabi qator muhim masalalarga e'tibor qaratildi.

Mamlakatimizda  giyohvandlikning oldini olish bo‘yicha zamonaviy uslublarni joriy etish va ulardan foydalanish, giyohvandlik balosiga chalingan odamlarni davolash hamda reabilitatsiya qilish tizimi yaratilib, muntazam takomillashtirilmoqda.

Bunday keng ko‘lamli ishlar huquqni muhofaza qilish organlari, davolash muassasalari, jamoat tashkilotlari, yoshlar birlashmalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligida bajarilmoqda.

Ammo, narkovaziyatga salbiy ta'sir etuvchi tahdidlar ham mavjud bo‘lib, ma'ruzachilar quyidagi omillarga to‘xtalib o‘tdilar:

•    Qo‘shni davlatlar (Afg‘oniston va Tojikiston)da ijtimoiy-siyosiy vaziyatni murakkablashishi;

•    Narkotik kontrabandasining yangicha uslublardan foydalangan holda, kontrabandani jadallashishi;

•    Narkotikning yangi sintetik turlarini internet resurslari, shu jumladan, “yashirin” internet orqali tarqatilishini kengayishi;

•    Rossiya va Qozog‘iston davlatlarida iqtisodiyotdagi pasayish natijasida ishchi kuchiga bo‘lgan talabni keskin kamayishi sababli mehnat migratsiyasidagi O‘zbekiston fuqarolarini jinoiy harakatlarga jalb etilishi ehtimoli.

Seminarda mavzuga oid maxsus video ham tinglovchilar diqqatiga havola etildi.

Ma'ruzalar so‘nggida ko‘rib o‘tilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi va ishtirokchilarning savollariga javob berildi.


  
Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati