Qiziqarli va foydali tadbir

03/11/2016 - 16:22 5222

Bugun Iqtisodiyot vazirligida “Mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilishda amalga oshirilgan ishlar samaradorligi” mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Unda to‘qimachilik sanoatining mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan o‘rni, bugungi holati va erishilgan natijalar, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilish borasida qabul qilingan dasturlar, ularning samaralari haqida so‘z bordi. 

Shuningdek, tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanish samaradorligi, yurtimizda qulay investitsiya muhitining yaratilishi tufayli to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanib borayotgani haqida alohida to‘xtalindi. 

Bundan tashqari, so‘nggi 10 yil ichida tarmoqda yuqori o‘sish sur'atlari ta'minlanib, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish 4,3 barobarga, mahsulotlar eksporti esa qariyb 4 barobarga o‘sgani va ishlab chiqarish tarkibida tayyor mahsulotlarning ulushi 65 foizga ortgani tahlil etildi.

Shu bilan birga, 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish dasturi asosida yurtimizda to‘qimachilik sanoatida umumiy qiymati qariyb 1,0 milliard dollarga teng bo‘lgan 77 ta muhim loyiha amalga oshirilishi qayd etib o‘tildi. Dasturga muvofiq, hozirga qadar “Asaka Tekstil Prodakshn” korxonasida bo‘yalgan ip kalava, “Indorama Qo‘qon tekstil” qo‘shma korxonasida ip kalava ishlab chiqarishning 4-bosqichi, “Jizzax grant tekstil” korxonasida paypoq mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yangi quvvatlar foydalanishga topshirilgani, “Uzteks Toshkent” va “Xumo to‘qimachi” korxonalarini zamonaviy ilg‘or uskunalar bilan jihozlash orqali modernizatsiya qilish ishlari yakuniga yetkazilishi ta'kidlandi.

Matbuot anjumani ishtirokchilarida, ayniqsa, vazirlik Xalq iste'moli tovarlari ishlab chiqarish prognozlari va tahlili bo‘limining boshlig‘i Bunyod Rajabovning “Mamlakatimiz to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish va modernizatsiya qilishda amalga oshirilgan ishlar samaradorligi” mavzusidagi taqdimoti katta qiziqish uyg‘otdi va bu mavzu yuzasidan ko‘plab savollar berildi. 

Tadbir qiziqarli va foydali bo‘ldi.

Vazirlik Axborot xizmati