PRESS-RELIZ

25/10/2016 - 13:04 16354

2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalash dasturining ijrosi  to‘g‘risida

Muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish hisobiga mamlakatimiz sanoat salohiyati samaradorligini yanada oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2015-yil 6-martda 2313-sonli Prezident qarori qabul qilingan. Unda 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Mazkur qaror bilan qabul qilingan muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarning navbatdagi bosqichi hisoblanib, u o‘z ichiga quyidagi maqsad va vazifalarni qamrab olgan:

- iste'molchilarga elektr energiyasini ishonchli tarzda va muntazam yetkazib berishni ta'minlashga yo‘naltirilgan, eng avvalo, qishloq joylarda elektr ta'minotining past kuchlanishli taqsimlash tarmoqlari  va ob'yektlarini to‘la qamrovda modernizatsiyalash; 

- mamlakatning iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarida ilg‘or axborot texnologiyalari va kommunikatsiya tizimlarini, zamonaviy dasturiy mahsulotlarni keng joriy qilish, foydalanuvchilarning internet tarmog‘iga ulanishning texnik imkoniyatlarini oshirish, telefon aloqasi, televideniye va radioeshittirishning raqamli tizimiga to‘liq o‘tqazish;

- temir yo‘llari va havo yo‘llari transportining moddiy-texnik bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, yo‘lovchilar va yuklarni tashish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, respublikaning yirik shaharlarini o‘zaro tutashtiruvchi zamonaviy yuqori tezlanuvchi elektropoyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida aeroport infratuzilmasini qurish va qayta ta'mirlash;

- O‘zbek milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi avtomobil yo‘llari qismlarini qayta ta'mirlash orqali ularni yuqori xalqaro standartlar talablari darajasiga yetkazish;

- respublika aholi punktlarini ichimlik suv ta'minoti va sanitariya tozalash tizimlarining qamrovini kengaytirish hamda ularni modernizatsiya qilish, barcha joylarda ichimlik suv sarfini hisobga olishning avtomatlashtirilgan billing tizimini joriy qilishdan iborat. 

Aytish joizki, ushbu Dastur doirasida 2015-2019-yillarda 150 ta investitsiya loyihalari bo‘yicha 9,8 mlrd. dollar miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu Dasturning amalga oshirilishi natijasida:

- 5,5 mingdan ziyod transformator punktlari hamda 25 ming kilometrdan ortiq elektr tarmog‘i liniyalari quriladi va qayta ta'mirlanadi;

- milliy mobil aloqa operatori tarmog‘i yaratiladi, 12 ming kilometr optik tolali aloqa tarmog‘i quriladi, kommutatsiya markazlari modernizatsiya qilinadi, raqamli televideniye tarmog‘ini kengaytirish orqali respublikaning eng chekka hududlarida joylashgan aholi punktlari qamrab olinadi;

- 885 kilometrlik temir yo‘llari elektrlashtiriladi (Samarqand-Buxoro, Marokand-Qarshi, Qo‘qon-Andijon uchastkalari), 2 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi Talgo-250 rusumidagi poyezd xarid qilinadi;

- “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi parki tubdan yangilanib, 2 ta “Mi-8 MTV-1” rusumli vertolet hamda 2 ta “Boing 787-800” rusumli samolyot  olib kelinadi, Toshkent shahri aeroportida  “Toshkent-4” yangi yo‘lovchi terminali quriladi, Termiz va Nukus shaharlari aeroporti binolari qayta ta'mirlanadi;

- Andijondan Qo‘ng‘irotgacha, Samarqanddan Termizgacha, Qarshidan Shahrisabzgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda qariyb jami 2700 kilometr avtomobil yo‘llari quriladi va qayta quriladi;

- 8600 km. ichimlik suv tarmoqlari va 358 km. sanitariya tozalash (kanalizatsiya) tarmoqlari qayta quriladi va modernizatsiya qilinadi.

Bugungi kunga kelib ushbu Dastur doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

- Maroqand-Qarshi va Samarqand-Buxoro temir yo‘l uchastkalari elektrlashtirilib, mazkur yo‘nalishlarda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektrpoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi;

- “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi uchun 1 ta “Mi-8 MTV-1” rusumidagi vertolet hamda 1 ta “Boing 787-800” rusumidagi samolyot  xarid qilinib, foydalanishga topshirildi;

- 376 km. avtomobil yo‘llari qayta ta'mirlandi.

Ushbu Dasturda belgilangan loyihalarning bajarilishi bo‘yicha joriy yilning oxirigacha quyidagi ishlar amalga oshirish kutilmoqda:

302 ta transformator punkti va 320 kilometrlik elektr tarmog‘i quriladi; bitta yuqori tezlikda harakatlanuvchi Talgo-250 rusumidagi poyezd xarid  qilinadi; “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi uchun ikkinchi “Boing 787-800” rusumidagi samolyot  keltiriladi.

Bundan tashqari, 512 kilometrlik avtomobil yo‘llari qaytadan ta'mirlanadi, shuningdek A-380 avtomobil yo‘lining Buxoro-To‘rtkul yo‘nalishida 125 kilometr, M-39 traktining G‘uzor-Termiz yo‘nalishida 50 kilometr, M-37 traktining Samarqand-Navoiy yo‘nalishida 16,7 kilometr masofadagi yo‘llar qurilishi yakunlanadi. 

Shunday qilib, 2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturining ijrosi natijasida yurtimiz sanoat salohiyati samaradorligi yanada yuksalib, uning jadal rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Ilg‘or yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining barpo etilishi esa, o‘z navbatida, milliy iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish va texnologik yangilashga keng sharoit yaratadi. Buning samarasida tashkil etiladigan ish o‘rinlari bandlikni ta'minlashda muhim omil bo‘ladi. Ichimlik suvi va elektr energiyasi tarmoqlarining modernizatsiya qilinishi aholi farovonligini, hayot sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. 

Press-relizni kiril alifbosida yuklab oling

Rus tilidagi press-relizni yuklab oling

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati