Hukumat elektron tijoratni amalga oshirish qoidalarini tasdiqladi

08/06/2016 - 14:40 10893

Hukumat tomonidan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli “Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 2016-2018-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi.

Qoidalarda elektron tijoratning obyektlari va subyektlari, ularning xuquq va majburiyatlari aniqlashtirildi, bitimlarni amalga oshirish va ularning ijrosini ta'minlash mexanizmlari belgilandi, elektron savdo maydonchalariga va elektron shartnomaga talablar, tovarlarni yetkazish va to‘lovlarni amalga oshirish masalalari, shartnoma shartlarini bajarishni rad etish tartibi hamda elektron tijoratda eksportni amalga oshirish xususiyatlari belgilanib berildi.

Hujjatga ko‘ra, elektron tijorat bilan amaldagi qonunchilikka muvofiq tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish xuquqiga ega tadbirkorlik subyektlari shug‘ullanishlari mumkin bo‘lib, bunda elektron tijorat bilan shug‘ullanganlik uchun qo‘shimcha ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olinishi talab etilmaydi.

Shu bilan birga, qaror bilan ham sotuvchi, ham haridor uchun bitimlarni amalga oshirish va ijrosini ta'minlashni soddalashtirish va maksimal qulaylik yaratishni nazarda tutuvchi bir qator qo‘shimcha kafolat va yengilliklar belgilangan.

Xususan, endilikda elektron shaklda tuzilgan shartnoma “qog‘ozda” imzolangan va taraflarning muhrlari bilan tasdiqlangan shartnomaga tenglashtiriladi, bu esa an'anaviy tarzda qog‘ozlarda tuziladigan bitimlar o‘rniga birgina “harakat” bilan tovarlarni sotish yoki sotib olish imkoninini beradi. 

Hujjatda yana bir muhim yangiliklardan biri bo‘lgan norma o‘rnatilgan bo‘lib, unga muvofiq tovarlar sotuvchining o‘z avtomobil' transportida yetkazib berilganda O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobil' transportida tashishlarga litsenziya olish talab etilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno (misol tariqasida maxsus transport bilan tovarlarni yetkazib berish).

Qoidalarda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tovarlarni elektron tijorat shaklida sotishda turg‘un savdo shoxobchalaridan tashqarida savdo qilish mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Shu bilan birga, ushbu Qoidalarning amal qilishi davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun xujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlarning (ishlar va xizmatlarning) davlat xaridlariga, ko‘chmas mulkni sotishga hamda qonun hujjatlariga muvofiq notarial tasdiqlanishi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bitimlarga tatbiq etilmaydi.

Bundan tashqari, birjalarda, shuningdek axborot vositachilarining axborot tizimlarida sodir etiladigan bitimlar alohida qonunchilik bilan tartibga solinadi.

Shuningdek, qaror bilan shartnomalarni tuzishda elektron raqamli imzolarni qo‘llash va elektron xujjatlarni hamda elektron tijoratda qo‘llaniladigan elektron xabarlardagi mavjud axborotni saqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.

Hurmatli tadbirkorlar va elektron tijorat ishtirokchilari!

Hujjatning to‘liq matni bilan bu yerda tanishib chiqishingiz mumkin.

Qolaversa, Sizni mazkur hujjatning amaldagi ijrosini Iqtisodiyot vazirligining Internet tarmog‘idagi rasmiy forumida muhokama qilishga taklif etamiz.

Sizning elektron tijoratni amalga oshirish qoidalarining alohida normalarini va ularni amaliyotga joriy etish mexanizmlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan barcha taklif va tilaklaringiz elektron tijoratni amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqiladi va maksimal darajada inobatga olinadi.

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.