Energiya tejamkorligi iqtisodiy samaradorlikka xizmat qiladi

30/05/2016 - 10:05 20413

Akmal UMARALIYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a'zosi:

- Dunyoda aholi soni ko‘payib, texnik taraqqiyot ildamlagani sari energiyaga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Tahlillar butun jahonda energetika resurslari tanqisligi kuzatilayotgani, ularning narxi muntazam oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shunday bir sharoitda energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.

Shuni aytish kerakki, mustaqillik yillarida mamlakatimiz iqtisodiyotining energetika tarmog‘i jadal sur'atlar bilan rivojlandi. Bu sohada iste'molchilar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Tabiiyki, energetika tarmog‘i taraqqiy etishida huquqiy asoslarning yildan-yilga takomillashayotgani ham o‘ziga xos o‘rin tutmoqda. Tegishli qonun hujjatlari ijrosining tahlili tizimdagi islohotlarning muvaffaqiyatini ta'minlashga xizmat qiladi.

Ushbu soha «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi (1997 yilda qabul qilingan) hamda «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi (2009 yilda qabul qilingan) qonunlar hamda 30 ga yaqin qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinmoqda. Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi energetikasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi farmoniga asosan, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik kompaniyasi aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash, tarmoqdagi ish rejimini bosh­qarish va muvofiqlashtirish tizimiga aylandi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, sanoatning jadal rivojlanib borayotgani natijasida mamlakatimizda elektr energiyaga bo‘lgan talab 2030 yilda joriy yildagiga nisbatan 2 barobar oshadi.

Elektr energiyasining iste'mol balansini shakllantirishda aholi sonining o‘sishi, elektr energiyasi bilan ishlaydigan turli maishiy vositalar, ishlab chiqarishning sanoatlashuvi va kelgusidagi rivojlanish istiqbollari kabi omillar inobatga olib kelinmoqda.

Davr talabidan kelib chiqqan holda, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga ma'lum o‘zgartirishlar kiritildi.

Endilikda energetika tekshiruvi o‘tkazilishi shart bo‘lgan yoqilg‘i-energetika resurslari iste'molchilari bo‘lgan korxonalarning soni deyarli 3 barobarga oshishi belgilangan. Majburiy energetika tekshiruvlari o‘tkaziladigan korxona, tashkilot va muas­sasalar doirasining kengayishi korxonalarning energiyani tejash zaxiralarini aniqlash imkonini beradi. Energetika tekshiruvlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar yoqilg‘i-energetika resurslari sarfi sezilarli darajada kamayishi va ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxi pasayishiga xizmat qiladi.

Hisob-kitoblar respublika bo‘yicha korxonalarda energoaudit o‘tkazilishi natijasida energiya resurslarini 5 foizgacha iqtisod qilish hamda yiliga o‘rtacha 1 825 005,9 tonna shartli yoqilg‘i iqtisod qilishga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Shunga asosan korxonalarning energetika sohasidagi ishlari o‘rganildi. Eskirgan uskunalar dunyo standartlariga mos keladigan energiyani tejovchi uskunalar bilan almashtirildi. Bu mahsulotlar tannarxining kamayishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Energiya tejamkor uskunalar bilan jihozlangan korxonalar faoliyati izchil rivojlanmoqda.

Joriy va kelgusi yillar energetika sohasini yanada rivojlantirishning muhim bos­qichi bo‘lishi kutilmoqda. Yoqilg‘i-energetika resurslarini iqtisod qilish, yoqilg‘i balansini diversifikatsiyalash maqsadida investitsion loyihalarni amalga oshirish ishlari davom ettiriladi. Bug‘-gaz qurilmalari negizida ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, yoqilg‘i-energetika balansida qattiq yoqilg‘i va gidroenergiya resurslarning ulushini oshirish, magistral elektr tarmoqlarini qurish, hududiy elektr tarmoqlarini modernizatsiyalash, yangi elektr xo‘jaliklarini barpo etish shular jumlasidandir.

Aholi turmush sharoitining yaxshilanishi, mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi energiya ta'minoti, tejamkorligi bilan bevosita bog‘liqdir. Shuning uchun jamiyat hayotining barcha jabhalarida energiyaga nisbatan munosabatni o‘zgartirish, aholi o‘rtasida, ayniqsa, yoshlarimiz tarbiyasida bunga alohida e'tibor qaratish muhimdir. Farzandlarimizga bolalikdan energiyani tejash, iqtisod qilish va undan samarali foydalanishni o‘rgatishimiz lozim.

Manba: "O‘zbekiston ovozi" ijtimoiy-siyosiy gazetasi