Shartnoma qiymatining 40 foizi oldindan to‘lanadi

14/05/2016 - 10:04 12056

Bugungi kungacha “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tizimidagi korxonalar bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida 906 ming tonna meva, sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkich qariyb ikki million tonnaga yetishi kutilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish kengaytirilmoqda.

Mazkur qarorda «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasiga ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni sanoat asosida qayta ishlash uchun xarid qilish vazifasi yuklangan. Xolding kompaniyasi tarkibiga kiradigan xususiy mulk shaklidagi qayta ishlash korxonalari fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan shartnoma tuzib, shartnoma qiymatining 40 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida bo‘nak to‘laydi. Bu dehqon va fermerlarga keng qulaylik yaratadi. Tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida bo‘nak – urug‘lik, mevali daraxtlar ko‘chati, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari, ehtiyot qismlar yoki pul ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

– Tizimimizdagi har bir korxonaga davlat buyurtmasi asosida mahsulot yetkazib beradigan fermer va dehqon xo‘jaliklari biriktirilgan, – deydi kompaniya boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Bahodir Yunusov. – Xomashyo bazasini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish maqsadida 2016-2020-yillarda 180 investitsiyaviy loyiha amalga oshiriladi. Qo‘shimcha ravishda 70 sutni qayta ishlash, 50 go‘shtni qayta ishlash, 60 mevani qayta ishlash korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Anjumanda dunyo bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi kunda sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish, yuqori unumli va tejamkor uskunalarni qo‘llash, elektr energiyasi va boshqa tabiiy resurslarni tejash, mahsulot tannarxini pasaytirish choralari ko‘rilayotgani ta’kidlandi.

Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

O‘zA

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.