Xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash - ustuvor vazifa

11/04/2016 - 10:00 28588

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida kichik biznes, ayniqsa, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar tasdiqlangan.

Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-iyuldagi qaroriga muvofiq, tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib keluvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Davlat bojxona organlarida tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi tartibi bekor qilindi.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 31-iyuldagi qaroriga muvofiq, xususiy tadbirkorlar tomonidan xodimlarni yollagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqi berildi. Bunda har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash imkoniyatining berilishi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan  qo‘shimcha imtiyoz sifatida alohida e'tirof etilmoqda.

Mazkur yengillikdan foydalangan holda joriy yilning o‘tgan davrida 6 ming 400 dan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan qo‘shimcha 6 ming 800 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Qo‘shimcha ishchi yollash amaliyoti, ayniqsa, Toshkent shahri, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan keng qo‘llanilayotganini ta'kidlash joiz.

Farmon asosida berilgan yana bir muhim imtiyoz tufayli yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan holatda kollejni bitirgandan boshlab, o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etilganlar.