2015-yilda O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

27/01/2016 - 19:51 9806

Tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni amalga oshirishda real sektor korxonalarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligining moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini mustahkamlash, xizmatlarning zamonaviy turlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi 2015-yilda yalpi ichki mahsulotni 8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 6,8 foizga va qurilish-pudrat ishlari hajmini 17,8 foizga oshirishga ko‘maklashdi.

Iqtisodiy o‘sishning barqarorligi makroiqtisodiy barqarorlikning mustahkamlanishi bilan kuzatildi. Bu inflyatsiya darajasining 5,6 foizgacha pasayganligi, Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan bajarilganligi va tashqi savdo aylanmasini ijobiy saldosi bilan tavsiflanadi.

Yuqori darajadagi iqtisodiy faollik va aholining bandligini oshirish dasturining amalga oshirilishi aholi jon boshiga real daromadlarning 9,6 foizga oshishiga ko‘maklashdi, bu ichki iste'mol talabini rag‘batlantirish chora-tadbirlari bilan bir qatorda chakana savdo aylanmasi hajmining 15,1 foizga va aholiga pullik xizmatlar hajmining 10,8 foizga oshishini ta'minladi.

Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, muhim yuqori texnologiyali quvvatlarni ishga tushirishni jadallashtirish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish asosida tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi natijasida 2015-yilda o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2014-yilga nisbatan 9,6 foizga o‘sib, 40,7 trln. so‘mdan ko‘pni tashkil qildi.

O‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 3,3 mlrd. dollarini, yoki 21 foizdan ortig‘ini chet el investitsiyalari va kreditlari (o‘sish - 9,1 foiz), shu jumladan 2,4 mlrd. dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari tashkil qildi. 2015-yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun o‘zlashtirilgan mablag‘lari hajmi 728,6 mln. dollarni tashkil qildi.

Investitsiyalar tarkibida eng katta hajmni markazlashmagan investitsiyalar (investitsiyalar umumiy hajmining 78,2 foizi), uning 30,9 foizini xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning o‘z mablag‘lari (o‘sish - 12,6 foiz) tashkil qildi, bu ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshligini oshirish tarmoq dasturlari hamda mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlarining faol amalga oshirilishi natijasi bo‘ldi.

2011-2015-yillarda respublikamizning moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va raqobatbardoshligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari dasturlarining amalga oshirilishi banklar umumiy kapitalining 23,3 foizga va ular aktivlarining 25,1 foizga o‘sishi ijobiy dinamikasini saqlab qolishga ko‘maklashdi. Natijada bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi eng kam xalqaro standartlardan 3 marta ortiq darajada, bank tizimining  likvidliligi esa eng kam talablardan 2 martadan ko‘p darajada saqlab qolindi. 2015-yilning boshidan buyon Markaziy bank qayta moliyalash stavkalarining 10 foizdan 9 foizgacha kamaytirilishi iqtisodiyotni kreditlash hajmining 27,3 foizga o‘sishiga rag‘batlantiruvchi ta'sir ko‘rsatdi,  ular umumiy hajmining 79,8 foizini investitsiya maqsadlariga mo‘ljallangan uzoq muddatli kreditlar tashkil qildi.

2015-2019-yillarga mo‘ljallangan tarkibiy o‘zgartirishlarni, ishlab chiqarishning modernizatsiya va diversifikatsiya qilinishini ta'minlash chora-tadbirlari dasturining amalga oshirilishi doirasida o‘tgan yilda investitsiya jarayonlarining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan mexanizmlarni takomillashtirish ishi amalga oshirildi. Umumiy qiymati 7,4 mlrd. dollarni tashkil qiluvchi 158 ta yirik investitsiya loyihaning, shu jumladan «"Surg‘il" koni bazasida Ustyurt GKMni qurish», «Qo‘ng‘irot soda zavodila kaltsiylangan soda ishlab chiqarishni kengaytirish», «"Jizzax" EIZ hududida energiyani tejovchi svetodiodli yoritish asboblari ishlab chiqarishni tashkil etish», «Xorazm viloyatida Labo avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish», «"Jizzax" EIZ hududida poyabzal sanoati uchun plastmassa materiallari va furnitura ishlab chiqarishni tashkil etish», «Namangan shahrida teri ust-boshlar ishlab chiqarishni tashkil etish» kabi  va boshqa loyihalarning amalga oshirilishi nihoyasiga yetkazildi.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, ishlab turgan ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning nomenklaturasini kengaytirish va raqobatbardoshligini oshirish yuzasidan qabul qilingan chora-tadbirlar natijasida ishlab chiqarish hajmlari o‘sishining eng yuqori sur'atlari yengil sanoat (116,6 foiz), yog‘ochga ishlov berish (115,6 foiz), qurilish materiallari sanoat (114,1 foiz), oziq-ovqat sanoati (114,4 foiz), farmatsevtika va tibbiy sanoat (128,9 foiz) kabi tarmoqlarda qayd etildi.

Iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 9,7 foizga, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 17,8 foizga oshdi. Tayyor tikuvchilik-trikotaj mahsulotlarining 75 ta yangi turini va 164 ta yangi modelini, qandolat mahsulotlari, meva-sabzavot va go‘sht-sut konserva mahsulotlarining 143 ta yangi turini, dori-darmon preparatlarining 67 ta yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

2015-2019-yillarga mo‘ljallangan tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi jarayonida o‘tgan yilda 696 ta loyiha bo‘yicha 4,0 trln. so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarildi, import o‘rnini bosish samaradorligi  1,56 mlrd. dollarni tashkil qildi. Bunda sanoat mahsulotining 820 tadan ortiq yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Iqtisodiyotda davlatning ishtiroki darajasini yanada qisqartirish maqsadida 2015-yilda xususiy mulkka sotish uchun ochiq savdolarda 608 ta davlat mulki ob'yekti, shu jumladan  506 ta ob'yekt investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan «nol» xarid qiymati bo‘yicha sotildi. 245 ta past rentabelli va ishlamay turgan tashkilotlar to‘liq tugatildi. Xususiylashtirish dasturida nazarda tutilgan 353 ta foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan davlat mulki ob'yekti buzib tashlandi. Natijada 120 ga yer maydoni bo‘shatildi, ularning 80 taga yaqini tadbirkorlarga ishlab chiqarishni tashkil qilish va xizmat ko‘rsatish uchun berildi.

2015-yilda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyalanishini ta'minlash, ularning jadal rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash borasida ishlar faol davom ettirildi. O‘tgan yilda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 12,1 trln. so‘m miqdorida yoki 2014-yildagiga nisbatan 1,3 marta ko‘p  miqdorda kreditlar, shu jumladan 2,5 trln. so‘m miqdorida mikrokreditlar ajratilib, xalqaro moliya institutlarining 177,4 mln. dollar hajmidagi kredit liniyalari o‘zlashtirildi. 2015-yilda 26,9 mingta yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etildi (o‘sish sur'ati – 2014-yildagiga nisbatan 103,3 foiz). Kichik biznes sub'yektlarining eng ko‘p soni sanoat sohasida va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida (36 foiz), savdo va umumiy ovqatlanish (30,4 foiz) hamda qurilish sohasida (11,2 foiz) tashkil etildi.  Ko‘rilgan choralar natijasida kichik biznesning YaIMdagi ulushi 56,7 foizni, sanoatda 38,9 foizni, chakana savdo aylanmasida 87,1 foizni, pullik xizmatlar ko‘rsatishda 50,8 foizni va bandlikda 77,9 foizni tashkil qildi.

Korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish dasturiy chora-tadbirlarining amalga oshirilishi 2015-yilda 623 ta aksiyadorlik kompaniyasining tashkiliy tuzilmasini korporativ menejmentning zamonaviy talablarini hisobga olgan holda takomillashtirish imkonini berdi. Yetakchi xorijiy mamlakatlar amaliyotini o‘rganish asosida Korporativ boshqaruv kodeksi ishlab chiqilib, davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalarda ijro etuvchi organ faoliyatining samaradorligini baholashga nisbatan qo‘yiladigan talablar tasdiqlandi.

2012-2016-yillarga mo‘ljallangan xizmatlar ko‘rsatish sohasini rivojlantirish  dasturining amalga oshirilishi tufayli o‘tgan yilda xizmatlar ko‘rsatish sohasida 14 mingta yangi ob'yekt tashkil etildi. Natijada aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 14 foizga oshdi, ushbu sohaning YaIM tarkibidagi ulushi 2014 yildagi 54,0 foizdan 2015 yil yakunlariga ko‘ra 54,5 foizgacha oshdi. O‘tgan yilda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (115,4 foiz), moliyaviy xizmatlar (130 foiz), turistik xizmatlar (115,9 foiz), sog‘liqni saqlash xizmatlari (117,3 foiz), maishiy xizmatlar (117,5 foiz) eng yuqori sur'atlar bilan rivojlandi.

2015-2019-yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi doirasida o‘tgan yilda 240 km temir yo‘llar uchastkalarini rivojlantirish, 382,4 km avtomobil yo‘llari uchastkalarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi. 155,9 km Marokand-Qarshi temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish va Samarqand-Qarshi temir yo‘l liniyasi uchastkasida yo‘lovchi poyezdlarining yuqori tezlikda harakatlanishini tashkil etish nihoyasiga yetkazildi. Yangi Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurish faol amalga oshirilmoqda: o‘tgan yilda Angren stansiyasidan to tunnelning g‘arbiy portaligacha (40 km) va Pop stansiyasidan to tunnelning sharqiy portaligacha (64 km) bo‘lgan uchastkalarda qurilish-montaj ishlari va elektrlashtirish nihoyasiga yetkazildi.

O‘tgan yil mobaynida 2013-2020-yillarda Telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va infrastrukturalarini rivojlantirish Dasturini amalga oshirish doirasida 1,8 ming.km optik tolali zamonaviy keng polosali tarmoq liniyalari qurildi va zahiralandi. Interaktiv davlat xizmatlari Yagona portalini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, hozirgi vaqtda unga 990 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi, joylardagi  davlat hokimiyati organi, ularning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari ulangan, 260 ta turli xildagi interaktiv xizmatlardan foydalanish joriy etilgan. 2015-yil mobaynida Yagona portal orqali 400 mingdan ortiq yoki undan avvalgi yilga qaraganda 4 marta ko‘p xizmatlar ko‘rsatildi.

2015-yilda qishloq joylarida namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurish dasturining amalga oshirilishi doirasida o‘tgan yilda 12 mingta uy foydalanishga topshirildi. Yangi qurilgan massivlarda 367 km gaz ta'minoti, 289 km elektr ta'minoti, 471 km suv ta'minoti tarmoqlari, 213 km olib boruvchi va mavze ichidagi avtomobil yo‘llari hamda 115 ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob'yekti ishga tushirildi.

Umuman respublikamiz bo‘yicha 2015-yil mobaynida 11,7 mln. kv.m uy-joy, shu jumladan 8,6 mln. kv.m - qishloq joylarida,  2,6 ming km vodoprovod tarmoqlari, shu jumladan 2,1 ming km - qishloq joylarida, ishga tushirildi.

Qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilash doirasida 2015-yilda 9,7 ming ga maydonda yangi intensiv bog‘lar va 9,2 ming. ga uzumzorlar, 444  ga issiqxonalar barpo etildi hamda 12,3 ming maydondagi bog‘larni va 7,5 ming ming maydondagi uzumzorlar rekonstruksiya qilish amalga oshirildi. O‘tgan yilda 76,5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotni saqlash imkonini beruvchi 110 ta yangi sovutish kamerasi foydalanishga topshirildi va 1,35 ming tonna mahsulotni saqlash imkonini beruvchi 4 ta sovutish kamerasi modernizatsiya qilindi.

Ko‘rilgan choralar natijasida 2015-yilda 3361,3 ming tonna paxta xomashyosi, 8176,6 ming tonna g‘alla ekinlari, 10128,1 ming tonna sabzavot, 2696,7 kartoshka, 1853,1ming tonna poliz mahsulotlari, 2746,2 ming tonna meva, 1579,0 ming tonna uzum yetishtirildi. Yirik shoxli qoramollar soni 11,6 mln. boshga yetkazildi, 2033,5 ming tonna go‘sht, 9028,2 ming tonna sut, 5526 mln. dona tuxum yetishtirildi.

2015-yilda Ish o‘rinlari tashkil etish va aholining bandligini ta'minlash dasturi doirasida 980 mingdan ortiq ish o‘rni, shuning 60 foizidan ko‘pi qishloq joylarida barpo etildi. Kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, o‘quvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish kompleks tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2015-yilda 480 ming nafar kasb-hunar kollejlari bitiruvchisi va 61,2 ming nafar oliy o‘quv yurtlari bitiruvchisining bandligi ta'minlandi.

Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning sifatini yanada oshirish maqsadida 2015-yil mobaynida sog‘liqni saqlash ambulatoriya-poliklinika bo‘g‘inini mustahkamlash va tizimga zamonaviy davolash va tashxislash asbob-uskunalarini joriy etish chora-tadbirlari amalga oshirildi. Xususan, tibbiy muassasalar ob'yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash hamda ularni zarur anjonomlar bilan jihozlash uchun uchun 500 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

2015-yil mobaynida “Keksalarni qadrlash va e'zozlash yili” davlat dasturi doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lida urush va mehnat faxriylari hamda keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoyalash, moddiy qo‘llab-quvvatlash va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 2246 mlrd. so‘m va 225 mln. dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Yuklab olish (.zip, 123,6Kb)