Ulug‘ niyat ulkan marralar sari yetaklaydi

30/01/2016 - 15:52 14713

Yoki jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davrida yalpi ichki mahsulot hajmi o‘sishining asosiy omillari haqida

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot 8 foizga o‘sgani ta’kidlandi. 2030 yilgacha esa mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobarga oshirish haqidagi fikr o‘rtaga tashlandi...

Ma’lumki, yalpi ichki mahsulot (YaIM) deganda, muayyan davr (chorak, yil) davomida muayyan mamlakatda jami ishlab chiqarilgan mahsulot va ko‘rsatilgan xizmatlar qiymatining yig‘indisi tushuniladi.

Oddiy so‘zlar bilan aytganda, YaIM hajmining ortishi yangi mahsulot turlari yaratilishi, ishlab chiqarish ko‘lamining kengayishi, ishlab chiqarish quvvatlari samaradorligini oshirish, zamonaviy ixtisosliklar va qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etilishi, yangidan-yangi xizmat turlari paydo bo‘lishi hisobiga shakllanadi. Natijada aholi real daromadlari ko‘payadi, turmush darajasi yuksaladi, mamlakat iqtisodiy qudrati mustahkamlanadi.

O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning bugungi o‘sishiga osonlikcha erishilgani yo‘q, albatta. Ko‘pchilikning yodida, istiqlolga erishish arafasida bir tomonlama rivojlangan, asosan xomashyo yetkazib berishga yo‘naltirilgan respublika iqtisodiyoti o‘ta ayanchli ahvolga tushib qolgan edi. Buning ustiga mamlakatda aholi va ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur bo‘lgan mahsulotga ehtiyojlar yetarli darajada qondirilmaganligi natijasida jami talab va takliflarning o‘zaro mutanosibligi izdan chiqqan edi. Oldimizda esa butun xo‘jalik yuritish tizimini tubdan yangilash, bozor munosabatlari hukmron bo‘lgan jahon hamjamiyatiga yuz tutishdek og‘ir vazifa turar edi.

Yurtimiz imkoniyatlari, xalqimizning o‘ziga xos turmush tarzini hisobga olib, uzoqni ko‘zlab, ertangi kunga ishonch bilan qarab, bozor munosabatlariga o‘tishning aniq yo‘li tanlab olindi. Besh tamoyildan iborat «O‘zbek modeli» ko‘p sinovlarga bardosh berib, hayotiy dastur ekanini isbotladi. Nihoyat, milliy iqtisodiyotimizda YaIM hajmining yildan-yilga barqaror o‘sishi kuzatildi. 1997 yilga kelib, 1996 yilga nisbatan uning o‘sishi 5,2 foizni tashkil etdi.

O‘tgan yigirma to‘rt yil mobaynida YaIM hajmining o‘sish dinamikasini tahlil etarkanmiz, makroiqtisodiy o‘sishning ta’minlanishi va qo‘lga kiritilgan ijobiy ko‘rsatkichlar tasodifiy emas, balki tadrijiy tusga ega bo‘lib, unga mustahkam zamin yaratilganiga guvoh bo‘lamiz.

YaIM hajmining ortishi natijaviy xususiyatga ega. Ya’ni iqtisodiyotda, avvalo, moliyaviy tarmoqning, xususan, pul aylanmasi va uning qiymati barqarorligi, iqtisodiy tuzilmalarning o‘zaro muvofiqligi, ijtimoiy sohadagi maqsadli yo‘nalishning ta’minlangani hamda tashqi resurslarning o‘z vaqtida, samarali o‘zlashtirilgani mazkur ko‘rsatkich hajmi ortishiga asos bo‘ladi. Shu bilan birga, YaIMning barqaror o‘sishi mamlakatdagi iqtisodiy munosabatlarning o‘zaro muvofiqligini hamda ularning taraqqiyotini anglatadi.

Shuning uchun ham har gal Davlatimiz rahbari tomonidan Vazirlar Mahkamasining yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida mamlakatimiz taraqqiyotiga makroiqtisodiy vaziyat jihatidan baho berilganda, iqtisodiy o‘sishning asosiy omillariga jiddiy e’tibor qaratiladi. Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va u bilan bog‘liq raqamlarga alohida urg‘u beriladi.

Mamlakatda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasidagi qiyinchiliklar va yutuqlar haqida gapirganda, biz uchun jahon bozorida noqulay narx kon’yukturasi vujudga kelgan davrlar haqida ham to‘xtalish lozim bo‘ladi. Misol uchun, birgina 2001 yili xalqaro bozorda 1 milliard AQSh dollaridan ko‘p miqdorda yo‘qotish bo‘lishiga qaramasdan, yil yakuniga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasi 3,1 foizga o‘sdi, oltin-valyuta zaxirasi avvalgi darajada saqlab qolindi, shuningdek tashqi savdo operatsiyalarida ijobiy saldoga erishildi.

So‘nggi yillarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida peshqadamlardan biriga aylandi. 2004 yili Hamdo‘stlik mamlakatlari statistik qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, YaIM ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston ilg‘or davlatlarning o‘rtacha o‘sish sur’atlariga yaqinlashdi.

Bu, avvalo, izchil va oqilona ichki va tashqi siyosat natijasi, aniq maqsadli sa’y-harakatlar mevasi, albatta. Bu davrda mamlakat iqtisodiyotining real tarmoqlariga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi ham yil sayin oshib bordi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar faol jalb etildi, ayniqsa, neft, gaz va to‘qimachilik sanoatida ularning ulushi yanada salmoqli bo‘ldi. Natijada 2004 yili YaIM 7,4 foizga o‘sdi. Shuningdek, qat’iy pul-kredit siyosati natijasida inflatsiya darajasi eng past — 3,7 foiz bo‘lishiga erishildi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish uchun soliq yuki kamaytirildi. Soliq tizimini soddalashtirish, to‘lovlarni kamaytirish, ayniqsa, so‘nggi yillarda yagona soliq to‘lovi foizining uzluksiz pasaytirilib borilishi tadbirkorlik faoliyatining yanada rivojlanishida muhim turtki bo‘ldi.

2007 yili barqaror iqtisodiy o‘sish (9,5 foizga) ta’minlanishi, avvalo, iqtisodiyotni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, bank tizimidagi barqarorlik, uy-joy-kommunal xo‘jaligidagi tarkibiy islohotlar tufaylidir. Qolaversa, yirik sanoat, kommunikatsiya, infratuzilma obyektlarining barpo etilishi, milliy transport kommunikatsiyalari yagona tizimining takomillashtirilishi bunga mustahkam zamin yaratdi.

So‘nggi yillar davomida bunday ezgu ishlar muttasil amalga oshirildi. Mana shunday sobitqadam siyosat tufayligina dunyoda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hukm surayotgan hozirgi vaziyatda nafaqat milliy iqtisodiyotda YaIM hajmining pasayishiga yo‘l qo‘yilmadi, balki o‘rtacha 8 foizdan yuqori bo‘lgan barqaror iqtisodiy o‘sish sur’ati ta’minlandi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi o‘ta murakkab sharoitda makroiqtisodiy jihatdan muntazam ijobiy natijaga erishish o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Uning zamirida elim-yurtim hech kimdan kam bo‘lmasin, degan uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosat va sizu bizning, farzandlarimizning hayoti haqida chin dildan qayg‘urish yotibdi.

Shunday ekan, bu ezgu harakat har birimiz uchun nechog‘li qimmatli ekanini anglashimiz zarur. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, raqamlar o‘z yo‘liga, lekin ularning ortida minglab, yuz minglab, millionlab yurtdoshlarimizning turmush tarzi, ertangi kuni, taqdiriga bog‘liq zahmatlar va iqtisodiy asoslar yotibdi.

2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishi sifatida mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiya qilish borasida boshlangan tizimli islohotlarni, iqtisodiyotda, avvalambor, sanoat va qishloq xo‘jaligida tub tarkibiy o‘zgarishlarni so‘zsiz davom ettirish, xususiy mulk, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish va bu soha vakillari manfaatlarini himoya qilish, makroiqtisodiy mutanosiblikni ta’minlashga qaratildi.

Jahonda davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz natijasida xorijiy hamkorlarning xarid quvvati va ayrim tovarlarga dunyo narxlarining pasayishiga qaramasdan, joriy yilda YaIMning o‘sish sur’atlarini 7,8 foizga ta’minlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8,2 foiz, qishloq xo‘jaligida 6,1 foizga oshirish, chakana savdo aylanmasini 14 foiz, xizmatlar ko‘rsatish hajmini 17,4 foizga ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Inflatsiya darajasini 5,5-6,5 foiz doirasida saqlab qolish, aholining real daromadlarini 9,5 foizga, o‘rtacha ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda 15 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Bu rejalar puxta o‘ylab, hisob-kitob qilinib tuzilgan. Ularning ishonchli asosi bor. 2016 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturining hayotga tatbiq etilishi dolzarb masala bo‘lib, bunda umumiy qiymati 5 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 164 yirik investitsiya loyihasi ishga tushiriladi. Jumladan, Toshkent — Samarqand — Buxoro tezyurar temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkaziladi, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasida har biri 450 megavatt quvvatga ega bo‘lgan ikkita bug‘-gaz turbinasi qurilishi tugallanadi, «Jeneral motors — O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida yangi «Aveo» (T-250) yengil avtomobili ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

Endi bevosita 2030 yilda mamlakat YaIM hajmining ikki barobar o‘sishi bilan bog‘liq omillarga e’tiborimizni qarataylik. Davlatimiz rahbari bu borada aniq vazifalarni belgilab berdi. Xususan, ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan uzluksiz yangilab borish, doimiy ravishda ichki imkoniyat va zaxiralarni izlab topish, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni izchil davom ettirish, jahon bozorida xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarish kerak bo‘ladi. 

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish natijasida 2030 yilda, yangi turdagi tovarlar tayyorlashni o‘zlashtirish asosida neft-gaz-kimyo sohasida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3,2 barobar, rangli metall mahsulotlari 2,2 marta, qora metalldan tayyorlanadigan buyumlar 2,3 karra, kimyo sanoati mahsulotlari, jumladan, mineral o‘g‘itlar 3,2 barobar ko‘payishi mumkin. 

Bundan tashqari, zamonaviy texnologiyalar asosida paxta tolasini va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, tashqi va ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan tayyor, ekologik toza to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2030 yilda 5,6 marta, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmini esa 5,7 karra oshirish imkonini beradi.

Mana shunday mutlaqo yangi dasturiy kompleks yondashuvlar, tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish YaIMda sanoat ulushini 40 foizga yetkazish, qishloq xo‘jaligi ulushini esa 8-10 foizga kamaytirish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish evaziga YaIM uchun sarflanadigan energiya hajmini taxminan 2 barobar qisqartirishga erishiladi.

Darhaqiqat, biz o‘z oldimizga har qanday ulug‘vor maqsadlarni qo‘yishda muayyan hisob-kitoblarga tayanib ish ko‘ramiz. Bu gal ham xuddi shunday, ya’ni mamlakatimiz YaIMning 2016-2030 yillarda 2 barobar ko‘payishiga erishish uchun majlisda qayd etilganidek, o‘rtacha yillik o‘sish sur’atlari 4,8 foiz darajasida bo‘lishini ta’minlash zarur ekan. Agar keyingi 11 yilda ushbu ko‘rsatkich 8 foizdan yuqori bo‘lib kelgani inobatga olinsa, bu vazifani amalga oshirish uchun mustahkam asos borligi yaqqol ayon bo‘ladi.

2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlaridan ko‘rinib turibdiki, joriy yilda yutuqlarimiz yanada yuksaladi, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yangi bosqichga ko‘tariladi.

Obiddin MAHMUDOV

Manba: O'zbekiston ovozi