Amaliy seminar bo‘lib o'tdi

22/12/2015 - 20:02 12476

Bugun Iqtisodiyot vazirligida 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirishlar va diversifikatsiya qilish dasturining tarkibiy qismi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 martdagi PF-4707-sonli farmoni bilan tasdiqlangan "2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilishni ta'minlash chora-tadbirlari dasturi"ning bajarilishini monitoring qilish tizimi bo'yicha amaliy seminar bo‘lib o'tdi.

Seminarda yangi joriy qilingan tizimning faol ish olib borishini ta'minlashga bevosita daxldor va mas'ul bo‘lgan idoralardan - O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi va «O‘zpaxtayog‘» aksiyadorlik jamiyatining rahbarlari hamda tizim bilan ishlashga mas'ul etib tayinlangan mutaxassislari ishtirok etishdi.

Seminarda Iqtisodiyot vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklarining tegishli mutaxassis xodimlari tomonidan joriy qilingan mazkur yangi tizim, unda ishlash, ma'lumotlarni taqdim etish kabi muhim masalalar seminar ishtirokchilariga batafsil tushuntirb berildi.

Yangi joriy qilingan mazkur tizim UZINFOCOM markazida - reports.nis.uz manzilda joylashgan.