AKTni rivojlantirish sohasida uchrashuv

15/12/2015 - 19:16 11616

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi “O'zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-1989-sonli qaroriga muvofiq “Elektron hukumat” tizimining Ma'lumotlar markazini (Data Center) tashkil etish bo'yicha Janubiy Koreya konsalting kompaniyasi mutaxassislari mazkur loyihani amalga oshirish bo'yicha qator vazirlik va idoralarda loyihaoldi o'rganishlar o'tkazmoqdalar.

Ushbu munosabat bilan, joriy yilning 15-dekabr kuni Iqtisodiyot vazirligida soha bo'yicha Janubiy Koreya konsalting kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Tadbir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etildi. Tadbirda Iqtisodiyot vazirligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo'yicha ma'sul xodimlar qatnashdilar.

Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda koreyalik mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning maqsadlari, texnik va texnologik jihatlari tog'risida ma'lumot berib o'tildi.

Shuningdek, Iqtisodiyot vazirligi xodimlari tomonidan ham vazirlikning mavjud va kelajakda ishlab chiqiladigan axborot tizimlarini “Elektron hukumat” tizimining Ma'lumotlar markazida (Data Center) joylashtirish zaruratlari haqida tegishli ma'lumotlar berildi.