O‘zbekiston “Biznesni yuritish 2016” xalqaro hisobotida tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha eng ko‘p islohot o‘tkazgan o‘nta mamlakat qatoriga kirdi

29/10/2015 - 19:03 8754

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, davlat bosh islohotchi, jamiyatning barcha sohalarida qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy siyosat, islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish kabi mashhur besh tamoyilga asoslangan, jahonda “o‘zbek modeli” sifatida tan olingan O‘zbekistonning bozor iqtisodiyotiga o‘tishining o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lining samaradorligi bugun isbot talab qilmaydigan haqiqatga aylangani hech kimga sir emas.

Ana shu tamoyillarga amal qilgan holda, mustaqillik yillarida mamlakatmizda normativ-huquqiy baza, davlat va bozor institutlari shakllantirildi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz iqtisodiyoti 5,5 barobarga, aholi jon boshiga real daromadlar hajmi esa 9 martaga o‘sdi. So‘nggi o‘n yillikda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’atlari 8 foizdan kam bo‘lmayotir, bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi 4 barobar oshib, bugungi kunda 6,5 ming dollarini tashkil qilmoqda.

Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda xususiy tadbirkorlik deyarli mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib tadbirkorlik subyektlarining 90 foizdan ortig‘ini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tashkil etmoqda. Yalpi ichki mahsulotning 56 foizdan ko‘proq qismi, ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining uchdan biri va deyarli barcha qishloq xo‘jalik mahsulotlari kichik biznes hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Aynan xususiy sektor mamlakatimizda aholi daromadlari o‘sishining asosiy manbai hisoblanmoqda.

Oxirgi 4 yil ichida xususiy mulkchilikning rolini oshirish va uni himoya qilishni kuchaytirish, ishbilarmonlik muhiti va biznes shart-sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan 15 dan ortiq, shu jumladan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. 186 turdagi ruxsat berish tartibotlari va litsenziyalar, 65 ta statistik va 6 ta soliq hisoboti shakllari bekor qilindi. Soliq va statistika hisobotlarini topshirish tizimi, shuningdek, bojxonada hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi.

Qonun darajasida davlat, huquqni himoya qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar bilan munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi prinsipi joriy etildi. Kichik biznes subyektlarini davlat xaridlari jarayoniga kengroq jalb qilishning ochiq va shaffof mexanizmi joriy qilindi.

Shu yilning boshida Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan 2015–2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash Dasturi yettita asosiy yo‘nalishni qamrab olgan bo‘lib, ular iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va uning samaradorligini oshirish jarayonida bevosita xususiy sektorning o‘rni va ahamiyatini tubdan oshirish bilan bog‘liq.

Tadbirkorlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, BMT Taraqqiyot Dasturi kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, chet el hukumatlari tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Xususan, 2015-yilning 27-oktyabrida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan e’lon qilingan “Biznesni yuritish 2016: tartibga solish sifati va samaradorligini baholash” (Doing Business-2016: Measuring Regulatory Quality and Efficiency) hisobotida, O‘zbekiston dunyoning 189 mamlakati orasida 87-o‘rinni egalladi, bu o‘tgan yilgi hisobotdagi 141-o‘ringa nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkichdir. Shu o‘rinda respublikamiz o‘z reytingini yaxshilash bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan 5 ta mamlakat qatoriga kirdi.

So‘nggi yillarda “Biznesni yuritish” hisobotida mamlakatimiz reytingining izchil yaxshilanib borishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov boshchiligida amalga oshirilayotgan investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligining yana bir tasdig‘idir. Buning isboti o‘laroq, joriy yildagi hisobotda O‘zbekiston biznesni yuritish ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha 2014–2015-yillarda eng yaxshi natijalarga erishgan mamlakatlar o‘ntaligiga kirganligini ta’kidlashimiz mumkin. Jahon banki ekspertlari tomonidan joriy yilgi hisobotda 10 ta yo‘nalishdan 8 tasi bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi.

Garov ta’minoti mexanizmlarini takomillashitish va zamonaviy yagona garov reyestri faoliyatini tashkil etish hamda “Kredit axborot-tahliliy markazi” Kredit byurosi faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining “Garov reyestri to‘g‘risida”, “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning amaliyotga joriy etilishi natijasida reytingdagi eng yuqori ijobiy o’zgarish kredit olish ko‘rsatkichi bo‘yicha qayd etildi (42-o‘rin yoki o‘tgan yilgi hisobotga nisbatan 63 pog‘ona yuqori).

Natijada, bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Shveytsariya (59), Niderlandiya, Fransiya, Yaponiya, Xitoy (79), Italiya, Braziliya (97), Kanada (109) va boshqa mamlakatlarni ortda qoldirdi.

Internet tarmog‘i orqali tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning soddalashtirilgan tizimini joriy etish va tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda “bir darcha” tizimini yanada takomillashtirish orqali O‘zbekiston biznesni ro‘yxatga olish yo‘nalishi bo‘yicha 22 pog‘onaga yuqorilab, 42-o‘rinni band etdi.

Ta’kidlash joizki, biznesni tashkil etish tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda biznes ochish uchun Yaponiyadagidan 1,5 barobar, Rossiya va Germaniyadagidan – 1,6 marta, Gretsiya va Isroildagidan – 2 marta, Ispaniyadagidan – 2,2 marta, Ukrainadagidan – 2,8 marta, Hindistondagidan – 4,5 marta, Xitoydagidan – 4,8 marta va Braziliyadagidan – 12,8 marotaba kamroq vaqt sarflanmoqda.

Yangi hisobotda sezilarli ravishda yaxshilangan yana bir yo‘nalish bu ko‘chmas mulkka huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘rsatkichidir (87-o‘rin, +26 pog‘ona). Mazkur yo‘nalish bo‘yicha ijobiy o‘zgarish tadbirkorlik subyektlariga “bir darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish evaziga erishildi. Chunonchi, 2015-yilning 1-yanvaridan boshlab davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlaridan davlat boshqa organlarida mavjud bo‘lgan hujjatlarni va axborotlarni, shu jumladan, soliq qarzdorligi yoki kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlarning mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarning, tadbirkorlik subyekti ta’sis hujjatlarining, litsenziyalar va ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar nusxalarining talab qilinishi taqiqlandi.

Natijada, O‘zbekistonda bugungi kunda ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish Fransiya, Belgiya, Isroil, Argentina, Hindiston, Sloveniya va shu kabi davlatlarga nisbatan ancha qisqa muddatlarda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga soliq yukini kamaytirish hisobiga mamlakatimiz reytingda soliqqa tortish ko‘rsatkichi bo‘yicha 2 pog‘onaga ko‘tarilib, 115-o‘rinni egalladi. Shu o‘rinda, Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq yuki darajasi AQSh, Kanada, Germaniya, Avstriya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa bir qator mamlakatlarga nisbatan ancha past ekanligi qayd etildi.

So‘nggi reytingga ko‘ra, O‘zbekiston shartnomalar ijrosini ta’minlash (32-o‘rin), biznesni ro‘yxatga olish (42-o‘rin), kredit olish (42-o‘rin), to‘lovga qobiliyatsizlikni bartaraf etish (75-o‘rin), ko‘chmas mulkka huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish (87-o‘rin), minoritar investorlar himoyasi (88-o‘rin) kabi yo‘nalishlar bo‘yicha birinchi yuz mamlakat qatoriga kirdi.

Ta’kidlash lozimki, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlarining fikriga ko‘ra, O‘zbekiston sudlarda xo‘jalik nizolarini hal etish bo‘yicha eng kam vaqt sarflanadigan dunyoning 4-mamlakati hisoblanadi.

“Biznesni yuritish 2016: tartibga solish sifati va samaradorligini baholash” hisoboti Jahon banki guruhi yillik nashrining 13-soni hisoblanib, unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohalaridagi tartibga solish normalari baholab boriladi.

Ketma-ket 10-yil tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha reytingni Singapur boshqarib bormoqda. Biznesni yuritish uchun eng qulay shart-sharoitlarga ega mamlakatlar beshtaligiga shuningdek Yangi Zelandiya, Daniya, Janubiy Koreya va Gonkong (Xitoy) mamlakatlari kiritilgan.