"O`zbekiston iqtisodiy" - "Экономический вестник Узбекистана" журнали УСТАВИ

26/05/2014 - 20:37 6912

Ushbu Ustav O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni, boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq « O`zbekiston iqtisodiy axborotnomasi » - «Экономический вестник Узбекистана» jurnalining huquqiy maqomi, xususiyatlari, Muassisning, tahririyatning huquq va majburiyatlarini, tahririyat va Muassis o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Tahririyat muassisi hisoblanadi.
Tahririyat o‘z faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Muassisning qarorlari, buyruqlari va topshiriqlari, mazkur Ustavga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Tahririyat o‘ziga berilgan mulkdan qonunga, o‘z faoliyatining maqsadlari va vazifalariga, Muassisning hamda boshqa vakolatli organlarning topshiriqlariga muvofiq foydalanadi va tasarruf etadi.
Tahririyat yuridik shaxs hisoblanib, mustaqil balansga, alohida mol-mulkka, bank hisob raqamlariga, shu jumladan, valyuta hisob raqamlariga, o‘z ramzi va logotiplariga, shtamplari va blankalariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, o‘zining to‘liq rasmiy nomi davlat tilida yozilgan muhriga ega.
Tahririyat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z zimmasiga mulkiy, shaxsiy nomulkiy huquqlar va majburiyatlar olishi hamda ularni amalga oshirishi, sudda da'vogar va javobgar sifatida qatnashishi mumkin.
Tahririyat davlatning boshqa korxonasi muassisi bo‘lishga haqli emas.
Tahririyatning faoliyat yuritishidan maqsadi O‘zbekistonda va dunyoda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng ko‘lamda yoritish, axborot-tahlil tusidagi mavzular hamda statistik nuqtai nazarlar aks ettirilgan « O`zbekiston iqtisodiy axborotnomasi » -«Экономический вестник Узбекистана» jurnalini chop etishdan iboratdir.
Jurnal axborot-tahlil va ommaviy nashr bo‘lib, ikki oyda bir marta, o‘zbek va rus tillarida, A-4 formatida (210*290 mm), bitta muqovada, 100-150 bet hajmda chop etiladi.
Tahririyat manzili: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, O‘zbekiston shox ko‘chasi, 55-uy, 100003.

Tahririyatning majburiyat va huquqlari

Tahririyatning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
davlat va xo‘jalik boshqaruv organlarining, xususan, Muassisning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi faoliyatlarini keng yoritib borish;
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni xolis hamda haqqoniy tarzda yoritish;
axborot-tahlil va statistik nuqtai nazarlar aks ettirilgan maqolalarni yuksak professional darajada tayyorlash, ularning xolisligi va to‘g‘riligini ta'minlash;
Muassisning topshirig‘i, moliyaviy imkoniyat va obunachilar talab-xohishlariga ko‘ra, rangli va oq-qora ranglarda turli xil sifatdagi matbaachilik qog‘ozlarida nashr etish;
Muassisning matbuot kotibi ijodiy faoliyatiga yaqindan ko‘maklashish va u bilan doimiy hamkorlik qilish;
ijodiy jamoada qulay mehnat sharoitlarini yaratish, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish va ularning mehnatini ma'naviy va moddiy jihatdan rag‘batlantirish;
yuridik va jismoniy shaxslarning reklama hamda e'lonlarini belgilangan tartibda e'lon qilish.
Tahririyatga qonunchilikda belgilangan va Muassis tomonidan topshirilgan boshqa vazifa va majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
Tahririyatning huquqlari quyidagilardan iborat:
axborotni izlash, olish va o‘rnatilgan tartibda tarqatish;
axborot olish uchun davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, jamoat birlashmalariga va boshqa tashkilotlarga murojaat qilish;
axborot, reklama, dizayn, matbaa xizmatlari ko‘rsatish;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish;
qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni tasarruf etish;
sof foydaning tegishli qismini xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga belgilangan tartibda yo‘naltirish.
Tahririyat amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Muassisning majburiyat va huquqlari  

Muassisning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
tahririyat faoliyatining maqsadi va turini belgilash;
tahririyat Ustavini va unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni tasdiqlash va tahririyat bilan shartnoma tuzish;
tahririyat tomonidan ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash;
tahririyat Bosh muharririni tayinlash, mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq u bilan mehnat shartnomasi tuzish;
bosh muharrir o‘rinbosarlari - mas'ul kotiblarni tayinlash uchun kelishish masalasini ko‘rib chiqish;
mol-mulkni tasarruf etish uchun tahririyatga, vakolatli davlat organlari bilan kelishgan holda, ruxsat berish;
tahririyatning moliya-xo‘jalik faoliyati ustidan belgilangan tartibda tekshirishlar va audit o‘tkazilishini, nazorat olib borilishini ta'minlash;
Muassisning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Muassisning huquqlari quyidagilardan iborat:
tahririyatning faoliyatini bevosita boshqarish;
tahririyatning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash;
tahririyat ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
tahririyat Bosh muharriri bilan tuzilgan shartnomaning amal qilish muddatini mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda muddatidan oldin tugatish;
imkoniyat darajasida tahririyatga moddiy-texnikaviy, moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatish;
har yili korxonaning biznes-rejasini tasdiqlash, har chorakda ijro etuvchi organning uning bajarilishi haqidagi hisobotini eshitish;
tahririyat mulki bilan bog‘liq bitimlarni haqiqiy emas deb e'tirof etish to‘g‘risidagi da'vo bilan sudga murojaat qilish;
tahririyatning ortiqcha yoki foydalanilmayotgan yoxud belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan mulkini olib qo‘yish yoki tasarruf etish;
zarur hollarda tahririyatni xususiylashtirish yoki davlat mulkidan chiqarish;
tahririyatga yetkazilgan zararlarni undirish to‘g‘risida tahririyat rahbariga nisbatan da'vo taqdim etish;
tahririyat tomonidan boshqa shaxslarga foydalanishga berilgan mol-mulkdan olingan foydaning hammasini yoki bir qismini ustavga muvofiq olish;
tahririyatdan qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini xolisona yoritishni, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Muassisning normativ-huquqiy hujjatlari, matbuotda e'lon qilish uchun mo‘ljallangan materiallar belgilangan muddatlarda chop etilishini talab qilish.
Muassis amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Tahririyatning mol-mulki va shakllanish manbalari  

Tahririyatning ustav fondi 3 064 400 (uch million oltmish to‘rt ming to‘rt yuz) so‘mni tashkil etadi.
Tahririyatning mol-mulki:
tahririyatga tezkor boshqarish huquqi asosida berilgan mol-mulk;
tahririyatning o‘z faoliyatidan olingan daromadlari;
qonun hujjatida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.
Tahririyatning asosiy vositalarini sotish, ijaraga yoki garovga berish yoxud tahririyat ustavida belgilanmagan maqsadda tasarruf etish Muassis bilan kelishilgan holda tahririyat Bosh muharriri tomonidan amalga oshiriladi.
Tahririyatning mol-mulki bo‘linmas bo‘lib, u kiritilgan hissalar (ulushlar, paylar) bo‘yicha, shu jumladan, tahririyat xodimlari o‘rtasida ham taqsimlanmaydi.
Tahririyatning ustav fondi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kamaytirilishi yoki olingan foyda yoxud Muassis tomonidan unga berilgan qo‘shimcha mol-mulk hisobiga ko‘paytirilishi mumkin.
Tahririyat tasarrufida qoladigan sof foyda belgilangan tartibda zaxira fondi va boshqa fondlarni tashkil etishga yo‘naltirilishi mumkin.

Tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirish tartibi  

Tahririyatning joriy faoliyatini boshqarish Muassis tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan Bosh muharrir tomonidan amalga oshiriladi. Bosh muharrir tahririyatning yakka ijro etuvchi organi hisoblanadi.
Bosh muharrirning o‘rinbosarlari bir vaqtda tegishlicha rus va o‘zbek tili bo‘yicha mas'ul kotiblar bo‘lib ham hisoblanadilar. Ular Bosh muharrir tomonidan, Muassis bilan oldindan kelishgan holda, lavozimga tayilanadi va ozod etiladi.
Bosh muharrir:
muassis oldida mazkur Ustavdan kelib chiqadigan barcha vazifalarning to‘la amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgardir;
tahririyat nomidan ishonchnomasiz faoliyat ko‘rsatadi va o‘rnatilgan tartibda tahririyat xodimlariga ishonchnomalar beradi;
jurnalning vaqtida nashrga tayyorlab chop etilishi, tarqatilishi, unda bosilgan materiallarning yuksak kasb mahorati darajasida bo‘lishligi, mazmuni va xolisligi uchun mas'uldir;
tahririyat xodimlarini ishga qabul qiladi, o‘rnatilgan tartibda ularga nisbatan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi hamda ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qiladi;
shtat jadvalini tuzadi, mehnat jamoasi a'zolarining oylik ish haqi, mukofot va moddiy yordam puli hajmini belgilaydi, ustama haq to‘laydi;
Muassisni xabardor qilgan holda, tasdiqlangan daromad va xarajatlar smetasi doirasida shtat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritadi;
tahririyatga tegishli muhr va shtamp chizmalarining nusxalarini Muassis bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;
tahririyatdagi bo‘limlar va boshqa tuzilmalar nizomlarini hamda tahririyat xodimlarining mansab yo‘riqnomalarini tasdiqlaydi;
jamoada xodimlarning mavjud imkoniyatlarini namoyon qilishlari uchun sog‘lom ijodiy muhit hosil qiladi;
mehnat, ijro va ishlab chiqarish intizomini mustahkamlaydi;
xodimlarni xizmat vazifalarini bajarishlari uchun zarur texnikaviy va boshqa vositalar bilan ta'minlaydi;
jamoa ish jarayonida har bir xodimning kasbiy salohiyatini to‘la namoyon etishiga imkon beradigan qulay shart-sharoitlarni vujudga keltiradi;
xodimlarning ijodiy yutuqlari ma'naviy va moddiy jihatdan rag‘batlantirilishiga har tomonlama yordam beradi;
qonunchilikka asosan va Muassisning topshirig‘iga muvofiq Bosh muharrirga boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.
Bosh muharrir Muassis oldida tahririyat faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda hisobot beradi.
Bosh muharrir Muassis bilan kelishilgan holda tahririyatning shtat jadvalini tasdiqslaydi.
Bosh muharrir vaqtincha yo‘qligida uning vazifasini Muassis bilan kelishilgan holda uning o‘rinbosarlaridan biri yoki boshqa vakolatli shaxs bajarib turadi.
Tahririyat faoliyatining muhim masalalari yuzasidan qaror qabul qilish maqsadida va istiqbolga mo‘ljallangan vazifalarni belgilash uchun Muassis, tahririyat, davlat va jamoat tashkilotlari, olimlar va jamoatchilik vakillaridan iborat tarkibda Tahrir hay'ati tuzilishi mumkin.
Tahrir hay'atining shaxsiy tarkibi va a'zolari soni Bosh muharrir taklifiga binoan Muassisning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
Tahrir hay'ati yig‘ilishida ko‘riladigan masalalar mazkur yig‘ilishda ishtirok etayotgan Tahrir hay'ati a'zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan hal qilinadi. Tahrir hay'ati a'zolari o‘rtasida kelishmovchilik tug‘ilgan hollarda, Tahrir hay'ati raisining fikri (xulosasi) hal qiluvchi deb hisoblanadi.

Foydani taqsimlash va zararlar o‘rnini qoplash tartibi  

Tahririyat faoliyati davomida orttirilgan daromadlarning barchasi soliqlar va majburiy to‘lovlar to‘langandan keyin tahririyat tasarrufida qoladi va qonunchilikda hamda mazkur ustavda belgilangan tartibda tahririyat Bosh muharriri tomonidan sarflanadi.
Tahririyat faoliyati davomida ko‘rilgan zararlar bevosita tahririyat tomonidan qoplanadi.
Muassis tahririyat majburiyatlari yuzasidan, tahririyat esa Muassisning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.

Tahririyat ustavini qabul qilish va o‘zgartirish tartibi  

Tahririyat ustavi Muassis tomonidan tasdiqlanadi.
Ustavga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish Muassisning tashabbusi bilan yoki Bosh muharrirning taklifiga binoan Muassis tomonidan amalga oshiriladi.
Bosh muharrir tahririyat ustaviga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ro‘yxatdan o‘tkazganidan keyin O‘zbekiston Respublikasining xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi yoki uning hududiy boshqarmasini bir hafta muddatda xabardor qilishi shart.

Jurnalning chiqarilishini to‘xtatish yoki tugatish tartibi  

Tahririyat jurnali chiqarilishi Muassis yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning arizasi asosida sudning qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunining 24-moddasiga muvofiq to‘xtatilishi (yoki tugatilishi) mumkin.

Tahririyatni qayta tashkil etish yoki tugatish tartibi  

Tahririyat qonun hujjatlariga muvofiq Muassis qaroriga ko‘ra, tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasining xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi yoki uning hududiy boshqarmasi bilan kelishgan holda yoxud sud qarori asosida qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
Tahririyat tugatilganda uning pul mablag‘lari, mol-mulki va boshqa aktivlari kreditorlar bilan barcha hisob-kitoblar qilingandan so‘ng belgilangan tartibda Muassis tasarrufiga o‘tadi.

Сайт находится в тестовом режиме.